index.jpgIjtimoiy gumanitar turkumdagi o`quv kurslari mazmun-mohiyatiga ko`ra bilimlarni bugungi hayotga, kundalik o`zgarishlarga bog`lab, zamon bilan hamnafas o`rganishni taqozo qiladi. Bu o`quvchilarning egallagan bilimlarini amalda mustahkamlash hamda o`z Vatanining hozirgi hamda kelajak taqdiriga daxldorlik hissi bilan ulg`ayishlariga xizmat qiladi.

Ta’limni amaliyotga bog`lashning samarali usullaridan biri mamlakatimiz iqtisodiy-ijtimoiy va ma’naviy sohalarida erishilayotgan yutuqlarni o`quv-biluv jarayoni mazmuniga singdirishdir. Shunga ko`ra yurtimizda ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-ma’rifiy sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar va rivojlanish ko`rsatkichlariga oid ma’lumotlarni hududlardagi real o`zgarishlar misolida har bir fan darslarida tahlilga tortish katta didaktik ahamiyatga ega.

Shu nuqtai nazardan, 2011 yil 21 yanvarda bo`lib o`tgan O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi majlisida Yurtboshimizning 2010 yil mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2011 yilga mo`ljallangan eng muhim ustuvor yo`nalishlarga bag`ishlangan “Barcha reja va dasturlarimiz Vatanimiz taraqqiyotini yuksaltirish, xalqimiz farovonligini oshirishga xizmat qiladi” deb nomlangan ma’ruzasi eng muhim ustuvor yo`nalishlarda yuz berayotgan yangilanishlar samarasini tahlilga tortganligi bilan ahamiyatlidir.

Ma’ruzada keltirilgan faktlar barcha fanlar qatori geografiya ta’limi o`quv jarayoni mazmunini boyitishda ham nihoyatda asqotadi. Shundan kelib chiqib, O`zbekiston iqtisodiy va ijtimoiy geografiyasi (8-sinf) kursida ma’ruza ma’lumotlaridan foydalanish yuzasidan o`z tajribalarimizga tayangan holda metodik tavsiyalar bermoqchimiz.

Ta’kidlash joizki, o`qituvchi ma’ruza haqida gapirganda asosiy e’tiborni o`quvchilar ongida tegishli tushuncha va tasavvurlarning, ularda mustaqil fikrning shakllanishiga erishmog`i maqsadga muvofiq. Bunda geografiya ta’limiga xos taqqoslash usulidan keng foydalanish tavsiya etiladi.

O`rganilayotgan materialni unga o`xshash materialga taqqoslab ko`rish orqali qiyin tushunchalar, miqdoriy ko`rsatkichlar ko`lami osonroq idrok etiladi. Jumladan, 8-sinf geografiya darsligining “O`zbekiston milliy iqtisodiyotining tuzilishi” mavzusini o`rganish asnosida keyingi o`n yilda, ya’ni 2000 yilga nisbatan taqqoslaganda, 2010 yilda mamlakatda yalpi ichki mahsulot qariyb 2 barobar, aholi jon boshiga hisoblaganda esa 1,7 barobar oshgani, eng muhimi, aholining xarid imkoniyatlari 2010 yilda 2000 yilga nisbatan 2,6 karra o`sgani aholining turmush darajasi yuksalayotganligini bildirishini uqtirish mumkin bo`ladi. Shu o`rinda ma’ruzada keltirilgan raqamlarni quyidagi chizma shaklida aks ettirish yuqori samara beradi:

Bugungi kunda har 100ta oilaga o`rtacha 132 ta televizor, 99ta xolodilnik, 18tadan ziyod kondisioner, 12 ta shaxsiy kompyuter, 27tadan ortiq yengil avtomobil to`g`ri kelmoqda.

2008 yilda boshlangan jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi mamlakatimiz iqtisodiyotini rivojlantirishga salbiy ta’sir ko`rsatayotganiga qaramay, ¤zbekiston o`ziga xos iqtisodiy taraqqiyot modeli asosida rivojlanish sari dadil odimlab bormoqda. Mamlakatimiz Prezidenti ta’kidlaganlaridek, yurtimizda yalpi ichki mahsulotning o`sish sur’atlari 2008 yilda 9 foiz, 2009 yilda 8,1 foiz, 2010 yilda esa 8,5 foizni tashkil etdi. Jahon moliya institutlarining xulosasiga ko`ra, bu dunyodagi eng yuqori ko`rsatkichlardan hisoblanishini alohida ta’kidlash maqsadga muvofiqdir.

“Iqtisodiyotning tarmoqlararo majmualari” mavzusida iqtisodiyotning muhim tarmoqlari, mulk shakllari va korxonalarni joylashtirish omillari kabi iqtisodiy geografik masalalar o`rganiladi.

Shu o`rinda bizga sobiq ittifoq tuzumidan bir tomonlama rivojlangan, faqat xomashyo yetishtirishga yo`naltirilgan, paxta yakkahokimligi halokatli darajada avjiga chiqqan, ishlab chiqarish va sotsial infratuzilmasi o`ta qoloq, aholi jon boshiga iste’mol ko`rsatkichi eng past bo`lgan iqtisodiyot meros bo`lib qolganini aytib, shu sababli iqtisodiyotning tarkibini o`zgartirish muhimligini ta’kidlash, tarixiy qisqa davrda iqtisodiyotimiz tarkibida yuz berayotgan ijobiy o`zgarishlarni quyidagi diagramma orqali izohlash katta samara beradi:

Agar o`n yil oldin, ya’ni 2000 yilda mamlakatimiz yalpi ichki mahsulotida sanoatning hissasi atigi 14,2 foizni tashkil etgan bo`lsa, 2010 yilda bu ko`rsatkich 24 foizni, transport va aloqaning ulushi tegishli ravishda 7,7 va 12,4 foizni tashkil etdi, xizmatlar bo`yicha bu raqam 37 foizdan 49 foizga o`sdi. Qishloq xo`jaligining ulushi esa 30,1 foizdan 17,5 foizga tushdi.
Yuqorida ko`rsatilgan sohalar ulushidagi o`zgarishlarni tushuntirish jarayonida qishloq xo`jaligining yalpi ichki mahsulotdagi ulushi kamayib borayotgan bir sharoitda ushbu sohada mahsulot yetishtirish yuqori sur’atlar bilan ko`payayotgani, ya’ni 2010 yilda qishloq xo`jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish 2009 yilga nisbatan 6,8 foizga, 2000 yilga nisbatan esa 1,8 barobar oshganini real dalillar bilan ko`rsatish muhim sanaladi.

Mustaqillik yillarida mulkka egalik shaklida ham katta o`zgarishlar yuz bergani, natijada yalpi ichki mahsulot tarkibida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning ulushi ko`payib, mamlakatimiz iqtisodiyotini rivojlantirishda uning roli sezilarli darajada oshayotganligi aytiladi. Taqqoslash metodi orqali 2000 yilda yalpi ichki mahsulotning qariyb 31 foizi ushbu sektor ulushiga to`g`ri kelgan bo`lsa, 2010 yilda bu ko`rsatkich 52,5 foizga yetgani uqtiriladi. Shu sababli aholining daromadlari tarkibida tadbirkorlik faoliyatidan olinayotgan daromad ulushi tobora salmoqli o`rin egallab, barcha daromadlarning 47 foizidan ortig`i ushbu soha hissasiga to`g`ri kelayotganini ta’kidlash lozim. Bu sohaga hukumatimiz tomonidan katta e’tibor qaratilayotganini 2011 yilning “Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yili” deb e’lon qilinishi bilan bog`lash o`rinli.

Mutlaqo yangi texnologik platforma negizida “Spark” yengil avtomobilini ishlab chiqarish yo`lga qo`yilgani, katta hajmda yuk tashiydigan “MAN” avtomobillarini, energiya tejaydigan lampalar, “LG” rusumidagi jahonga mashhur xolodilniklarni yig`ish va boshqa muhim mahsulotlarni ishlab chiqarish yo`lga qo`yilganligi faktidan “Mashinasozlik majmuasi” mavzusi matnida qo`shimcha manba sifatida foydalanish mumkin. Bunday ma’lumotlarni imkoniyat boricha xarita-chizma vositasida tushuntirish yanada katta samara beradi.

Bu ishlarni izchil davom ettirish maqsadida “2011-2015 yillarda O`zbekiston sanoatini rivojlantirishning ustuvor yo`nalishlari to`g`risida”gi dastur tasdiqlangani, ushbu dastur sanoat sohasida umumiy qiymati qariyb 50 milliard dollarni tashkil etadigan 500dan ortiq yirik investisiya loyihasini amalga oshirishni ko`zda tutgani aytiladi.

Bu esa yaqin besh yil ichida sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmini kamida 60 foizga oshirish va shu orqali yalpi ichki mahsulotda uning ulushini 2010 yildagi 24 foizdan 2015 yilda 28 foizga ko`paytirish yoki 2000 yilga nisbatan 2 barobarga oshirish ko`zda tutilganligi uqtiriladi. Sanoatning birinchi navbatda mashinasozlik, avtomobilsozlik, kimyo, oziq-ovqat, farmasevtika, qurilish materiallari va to`qimachilik sanoati yo`nalishlariga asosiy e’tibor qaratilishi yoritiladi.

Bunyodkorlik ishlari. Mustaqillik yillarida bu sanoat ham jadal rivojlangani, dastlabki yillar ijtimoiy ob’ektlar – sog`liqni saqlash, ta’lim muassasalari qurilgan bo`lsa, 2009 yildan boshlab qishloq joylarda qulay va barcha kommunal xizmat sharoitlariga ega bo`lgan yakka tartibdagi turar-joy massivlarini kompleks qurish ishlari boshlanganini ta’kidlash o`rinli. Natijada 2010 yili mamlakatimizning barcha 159ta qishloq tumanida namunaviy loyihalar asosida 6 ming 800ta uy-joy barpo etilib, qishloq aholisi turmush darajasini shahar aholisi turmush darajasiga yaqinlashtirish jarayoni yanada tezlashayotganini joylarda qad rostlagan yoki ana shunday xonadonga ko`chib o`tgan o`quvchi misolida ta’kidlashning ta’siri katta bo`lishi tabiiy.

To`qimachilik sanoati mavzusini o`rganishda 2015 yilga qadar eksportbop raqobatdosh mahsulotlar tayyorlashga yo`naltirilgan, yakuniy ishlab chiqarish shakliga ega bo`lgan yangi, zamonaviy to`qimachilik komplekslari rivojlantirilib, bu orqali paxta tolasini o`zimizda qayta ishlash hajmini 2 barobardan ko`proq, kalava ishlab chiqarishni 2,6 barobar, tayyor trikotaj va tikuvchilik buyumlarini 3 barobar, to`qimachilik sanoati mahsulotlari eksportini 2 barobar oshirishni ta’minlash rejalashtirilganini tegishli mavzularda alohida ta’kidlab o`tish foydadan xoli bo`lmaydi.

Qishloq xo`jaligiga bag`ishlangan 26-darsni o`rganishda yerlarning meliorativ holatini yaxshilash bo`yicha amalga oshirilayotgan ishlarni ma’ruzadagi raqamlar asosida tushuntirish yaxshi samara beradi. Birgina 2010 yilning o`zida 724 kilometrlik kollektor-drenaj tarmoqlari, 208ta meliorativ quduqlar barpo etilib, rekonstruksiya qilingan, qariyb 14 ming kilometrlik kollektor-drenaj tizimi ta’mirlanib, qayta tiklangan va 335ta zamonaviy meliorasiya texnikasi xarid qilingan.
Natijada 260 ming gektar sug`oriladigan yerning meliorativ holati yaxshilanib, qishloq xo`jaligi ekinlari hosildorligi oshgan.

Shuningdek, 8-sinfda “Xizmat ko`rsatish turlari” mavzusini o`qitishda ta’lim tizimida 2005-2010 yillar davomida 7 ming 800dan ortiq umumta’lim muassasasi, qariyb 1 ming 500ta kasb-hunar kolleji va akademik lisey barpo etilgani va rekonstruksiya qilingani, birgina 2010 yilning o`zida maktablar, kasb-hunar kollejlari va liseylarda 2 ming 300 tadan ziyod kompyuter texnikasi va multimedia uskunasi o`rnatilgani o`zlari tahsil olayotgan ta’lim muassasasidagi o`zgarishlar misolida uqtiriladi. Bolalar sportini rivojlantirishga bo`lgan e’tibor tufayli ko`plab sport inshootlari, suzish havzalari barpo etilayotgani, natijada endilikda umumta’lim maktablari o`quvchilarining har uch nafaridan biri turli seksiya va to`garaklarda sport bilan muntazam shug`ullanayotgani sinf o`quvchilari misolida tahlil etilsa, yanada ta’sirli bo`ladi.

Xalqaro iqtisodiy aloqalar. Investisiya dasturi doirasida 2010 yilda 200dan ziyod loyiha amalga oshirildi. Jumladan, yiliga 50 mingta avtomobil ishlab chiqarish quvvatiga ega bo`lgan “M-300″ rusumidagi yengil avtomobil ishlab chiqarishni o`zlashtirish”, 200 ming tonna kaliy o`g`itlari ishlab chiqarish quvvatiga ega bo`lgan “Dehqonobod kaliy o`g`itlari zavodi qurilishi”, “Xonjiza konida polimetall rudalarga ishlov berish” kabi yirik loyihalar, Navoiy kon-metallurgiya kombinati, “Navoiyazot” kompaniyasining bir qator yangi ob’ektlarini barpo etish ishlari va boshqa loyihalar nihoyasiga yetkazilganini ta’kidlash asnosida ishlab chiqarish nisbatan sust rivojlangan viloyatlarda industriya markazlari barpo etish siyosati amal qilayotganiga e’tibor qaratiladi.

Transport haqida gapirganda iqtisodiyotning barcha sohalarida, ishning muvaffaqiyati, ayniqsa, mamlakat iqtisodiyotining mustahkamlanishi ko`p jihatdan transportga bog`liq ekanligini aytib, o`tgan yilning o`zida “Eyrbas indastri” kompaniyasining 6ta A-320-200 rusumli samolyoti, 8ta zamonaviy elektrovoz sotib olingani, 1 ming 790ta yuk tashiydigan va 38 ta yo`lovchi tashiydigan vagonlar qurilib, ta’mirlanib va modernizasiya qilinganini alohida uqtirish lozim.

Endilikda Jizzax -Yangier yo`nalishi bo`yicha elektrlashtirilgan qo`sh yo`lli temiryo`l tarmog`i va Yangier – Farhod yo`nalishi bo`yicha elektrlashtirilgan bir yo`lli temiryo`l tarmog`i qurilishining nihoyasiga etkazilayotgani, Maroqand – Qarshi va Qarshi – Termiz yo`nalishi bo`yicha strategik ahamiyatga ega bo`lgan temiryo`l tarmoqlarini elektrlashtirishga kirishilgani xaritadan ko`rsatib tushuntiriladi. Bu, o`z navbatida, sarf-xarajatlarni 20 foizga kamaytirish va yo`lovchi hamda yuklarni manzilga etkazish tezligini 1,3 barobar oshirish imkonini berishini aytib o`tish mumkin.

Mamlakatimiz mustaqilligining 20 yilligiga Ispaniyaning “Talgo” kompaniyasi bilan hamkorlikda Toshkent – Samarqand temiryo`l uchastkasida O`rta Osiyoda birinchi bor bunyod etiladigan tezyurar temiryo`l magistralini qurish va foydalanishga topshirish rejalashtirilayotganini aytish o`rinlidir.

Xulosa sifatida shuni ta’kidlash zarurki, har bir o`qituvchi Prezidentimizning mazkur ma’ruzasiga asoslanib, o`zi dars berayotgan o`quv fani mavzulari doirasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar mohiyatini yoshlarimizga kengroq yetkazishga erishsa, darslar mavzusini boyitsa, o`quvchilarning nafaqat bilim samaradorligi, balki ularda o`z ona Vatanidan faxrlanish, uning taraqqiyoti uchun munosib hissa qo`shish mas’uliyati ortib boradi.

Jahongir MUSAEV,
geografiya fanlari nomzodi, dotsent