Maktab kutubxonasi madaniyat va ta’limning asosiy qismi sifatida yangicha mazmun kasb etmoqda. Kutubxonachilarning mehnati tufayli insonning axborot olish madaniyati, mutolaaga, ilm-fan, tarix, madaniyatga barqaror qiziqishi har tomonlama shakllanib bormoqda. Maktab kutubxonachilari bolalar va o‘smirlarni kitob o‘qishga jalb etish yo‘li bilan ularning intellektini kamol toptirishda bebaho hissa qo‘shmoqdalar. 
Shunday ekan, maktab kutubxonasi o‘zining odatdagi qiyofasini o‘zgartirishi, eng zamonaviy talablarga javob beradigan asl axborot-ta’lim, madaniy markazga aylanishi kerak.
Respublikamizda axborot-kutubxona markazi (AKM) va axborot-resurs markazi (ARM)ning mavjud bo‘lishini ko‘zda tutadigan axborot-kutubxona tizimining vujudga keltirilishi maktab kutubxonalarini rivojlantirishdagi innovatsion jarayonlarning faollashuviga imkon yaratdi. Kompyuter va axborot texnologiyalari, internetning viloyat, tuman, maktab axborot-resurs markaziga jadal joriy etilishi maktab kutubxonasi kitobxonlarining ham jahon axborot resurslariga erkin kirib borishini ta’minlaydi. Ko‘pgina maktab kutubxonalari bugunning o‘zidayoq o‘z shaxsiy saytlariga ega. Ularning sahifalaridan kutubxonaning butun maktab hamjamiyatiga taklif etish uchun tayyor resurslari va xizmatlari haqida ma’lumot olish, mavjud lokal va tarmoq elektron materiallarni o‘rganish, o‘quv jarayoni va individual ishlarga xizmat ko‘rsatishning yangi turlari to‘g‘risida bilib olish mumkin.
Bundan buyon maktab kutubxonalari ish tajribasida axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan, elektron tashuvchilardagi materiallardan, axborot-ta’lim dasturlaridan foydalanish mumkin. Va bu maktab kutubxonasining asosiy funktsiyalari va axborot-kutubxonachilik xizmatlari bo‘lmish kitoblarni kataloglashtirish; adabiyotlar va darsliklarni komplektlash ishlarini avtomatlashtirish imkonini beradi.
Fan-texnika taraqqiy etgan zamonamizda maktab kutubxonasining missiyasi o‘zgaradi. Zamon ARM kutubxonachisining professional faoliyatidagi yangi qoidalarni talab etmoqda. Endi tadbirlar miqdoriyu kitobxonlar va berilgan kitoblar soni kabi ko‘rsatkichlargina ARM faoliyatiga baho berishda belgilovchi omil bo‘la olmaydi. Kutubxonachidan audiovizual va elektron hujjatlar, zamonaviy texnika bilan ishlash malakasi ham talab etilmoqda.
Ayni mana shuning uchun ham maktabda ARMni yuqori malakali mutaxassis boshqarmog‘i darkor.
Maktab kutubxonasi o‘quvchilar, o‘qituvchilar, mahalla jamoasining axborot-kutubxona bilan ta’minlanishini belgilab beruvchi tarkibiy markazga, kutubxonachilik xizmat ko‘rsatishida ilg‘or axborot texnologiyalaridan jadal foydalanish asosida shaxsning axborot olish madaniyatini shakllantirish bazasiga aylanishi kerak.
Xalq ta’limi vazirligi maktab kutubxonalari faoliyatini takomillashtirish yuzasidan zamonaviy ta’lim saviyasi va uning istiqboliga mos keladigan yondashuvlar ishlab chiqmoqda.
Hozirda mamlakatimizda 20 million nusxaga yaqin ma’lumotnoma, ilmiy-ommabop, badiiy, o‘quv-metodik adabiyotlardan iborat kitob fondiga ega bo‘lgan 9502 ta umumta’lim maktab kutubxonalari faoliyat ko‘rsatmoqda. Respublikamiz o‘quvchilari va o‘qituvchilariga kutubxonachilik-bibliografik xizmat ko‘rsatishni 10311 nafar kutubxonachi amalga oshirayotgan bo‘lib, endi ular maktabdagi innovatsion bunyodkorliklar ishtirokchilari sanaladilar.
Sohadagi mavjud muammolar tahlili respublikamiz maktab kutubxonalari ishini takomillashtirishning quyidagi asosiy yo‘nalishlarini belgilab berdi:
· maktab kutubxonasini texnik jihozlash; kutubxonachilik jarayonlarini avtomatlashtirish, yangi axborot texnologiyalaridan foydalanish, kutubxona faoliyatini axborotlashtirish uchun sharoitlar vujudga keltirish;
· kitob fondlarini shakllantirish;
· maktab kutubxonasi faoliyatini tashkil etishga doir yangi boshqaruv va metodik yondashuvlarni aniqlash; maktab kutubxonalarining tashkiliy shakllaridagi istiqbolli modellarni ajratish;
· umumta’lim muassasalari kutubxonachilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini rivojlantirish, ularning axborot olish madaniyatini yuksaltirish;
· umumiy ta’lim kutubxona muassasalarining kooperatsiyalashuvi va integratsiyasini rivojlantirish, shuningdek, maktab kutubxonalari, ARMlar, boshqa tizim va idoralarga qarashli kutubxonalar faoliyatini muvofiqlashtirish.
Yuqorida tilga olingan vazifalarni hal etish ishi axborot-resurs markazi zimmasida bo‘lib, u maktab kutubxonalarining rivojlanish jarayonlarini qo‘llab-quvvatlab turadi, shuningdek, o‘quv jarayonining maktab kutubxonasining faoliyatini modernizatsiyalash yo‘li bilan axborot va ilmiy-metodik jihatdan qo‘llab-quvvatlab turilishini ta’minlaydi. Kutubxonachilik ishida yangi axborot texnologiyalari ta’limi bilan shug‘ullanadi.
Hozirgi paytda respublikamizda Xalq ta’limi vazirligi tashabbusida tashkil etilgan va Osiyo Taraqqiyot Banki tomonidan qisman moliyalashtirilayotgan «O‘zbekiston umumta’lim maktablari uchun darsliklar va o‘quv adabiyotlarini nashr qilish tizimini takomillashtirish» loyihasi harakatda. Uning komponentlariga quyidagilar kiradi:
-maktab kutubxonalarini rivojlantirish va ularni kompyuterlashtirish;
– kutubxonani kitoblar va boshqa materiallardan, jumladan, elektron o‘quv resurslaridan iborat kitob fondlari bilan ta’minlash;
– maktab kutubxonalari ishini takomillashtirish yuzasidan milliy standartlar va instruktsiyalar ishlab chiqish.
Tashkil qilingan loyiha orqali yangi kutubxona — axborot-resurs markazi deb atalmish maktab kutubxonasining modernizatsiyalashgan yangi ko‘rinishi o‘quvchilarning o‘zlashtirishiga, ta’lim sifati va o‘qituvchining ishiga katta ta’sir qilishi ko‘zlanadi.

ARMni rivojlantirish quyidagi muhim omillarga asoslanadi:
· Texnik ta’minot;
· Dasturiy ta’minot;
· Axborot ta’minoti;
· Kadrlar ta’minoti.
Loyihaga binoan 2007—2009 yillar mobaynida respublika miqyosida 1000ga yaqin maktab kutubxonasi modernizatsiyalandi. Loyiha maktab kutubxonalari ishiga asosiy audiovizual uskunalari, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari — kompyuterlar, printerlarni joriy etish, Internet tarmog‘iga ulanish, shuningdek, kutubxonalar yangi avlodining maktabga yaqin joylashgan mahalla hamjamiyatlariga ochiqligini qo‘llab-quvvatlash, o‘qituvchilarga kutubxonalar resurslaridan o‘quv jarayonida qo‘shimcha foydalanishda yordam berish, ARMni o‘quvchilarning kundalik mashg‘ulotlariga integratsiyalash imkonini berdi.
Bugun maktab o‘quv jarayoniga shunday axborot va pedagogik texnologiyalar tatbiq etilmoqdaki, bunda darslik ta’limning bosh vositasi va axborotning asosiy manbai rolini bajarolmay qoladi. O‘quvchilar endi dastlabki manbalarga kirib borish imkoniyatiga ega bo‘lib, o‘zlari uchun zarur bilimlar, faktlar, axborotni xoh bosma, xoh elektron shaklda bo‘lsin mustaqil topa olishlari lozim.
Axborotning zamonaviy tashuvchilari fondiga ega bo‘lgan ARMlar ishida shaxsning axborot olish madaniyatini shakllantirish bosh vazifaga aylanadiki, bu narsa kitobxonlarni kutubxonachilik-bibliografik, mutolaa madaniyatiga doir bilimlar, shuningdek, kompyuter savodxonligi bilan ta’minlaydi. Kitobxonlar markazdan alohida yangi axborot texnologiyalari imkoniyatlaridan foydalangan holda axborotni izlashga doir bilim va malakalar hosil qilishlari, zarur axborot mahsulotlari–ko‘chirmalar, ma’ruzalar, referatlar, sharhlarni mustaqil ravishda tayyorlash texnologiyasini o‘zlashtirishlari lozim.
Axborot-resurs markazi faoliyatini boshqarishda «Ta’lim muassasasi axborot-resurs markazi to‘g‘risida namunaviy Nizom» ishlab chiqilib, u ARM ish amaliyotiga joriy qilingan. Unda maktab axborot-resurs markazi faoliyatining umumiy qoidalari, markazning asosiy vazifalari va funktsiyalari aks etgan. Shuningdek, «Ta’lim muassasasining axborot-resurs markazidan foydalanish qoidalari», «Xodimlarning lavozim vazifalari» tasdiqlangan.
Viloyat va tuman xalq ta’limi bo‘limlari qoshidagi axborot-resurs markazlarining faoliyati ham umumta’lim muassasasi axborot-resurs markazini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash sari yo‘naltirilgan bo‘lib, ular zimmasiga markazlarga tashkiliy-metodik rahbarlik qilish, metodik va amaliy yordam ko‘rsatish funktsiyasi yuklangan. Jumladan, ular metodik rahbarlikni amalga oshira borib, innovatsion kutubxonachilik va axborot tajribasini o‘rganadilar. Idoraga qarashli ARMlar, umumta’lim maktab kutubxonalari faoliyatiga yordam ko‘rsatadilar.
Zamonaviy kutubxonaning yangi qiyofasini shakllantirish jarayoni ta’lim sohasidagi mavjud ARMlar bilan umumta’lim muassasalari kutubxonalarini birlashtiradigan yagona kompyuter tarmog‘ini vujudga keltirish imkonini beradi.
Maktab ARMlari kompyuterlar, printer, skaner, faks, proektorlar bilan jihozlangan. ARMlardagi kutubxonachilik jarayonlarini avtomatlashtirish (kataloglashtirish, komplektlash, kitob berish, xizmat ko‘rsatish va hokazolar) uchun mo‘ljallangan Avtomatlashtirilgan kutubxona tizimining mavjud bo‘lishi ham ko‘zda tutiladi.
To‘plangan tajribalardan shu narsa ma’lum bo‘ladiki, xalq ta’limi tizimi uchun har bir ARMni zarur ilmiy-ta’limiy axborot bilan tezkor ta’minlash uchun uch bosqichli tizim barpo etish samarali hisoblanadi. Uch bosqichli korporativ tarmoqni vujudga keltirishdan ko‘zlanadigan maqsad – ARMlar orasida axborot hamkorligi samaradorligini oshirish, elektron resurslarni shakllantirish sarf-xarajatlarini qisqartirishdir.
Birinchi bosqichdagi ishlarni ARMlar uchun korporativ kataloglashtirish markazi (KKM) rolini bajarayotgan va maktab ARMlari uchun jamlama elektron katalogni (EK) shakllantirishni ta’minlayotgan Respublika ilmiy pedagogika kutubxonasi amalga oshirishi rejalashtirilmoqda. Uning funktsiyasiga elektron bibliografik yozuvlarni o‘zaro almashish uchun O‘zbekiston Milliy kutubxonasi kabi yetakchi kutubxonalar bilan olib boriladigan ishlar, katalogning elektron yozuvlarini elektron pochta orqali ommalashtirish yoki ularni veb-saytda taqdim etish, tuman (2-) bosqichida katalogizatorlar tomonidan kiritiladigan yozuvlarning to‘g‘riligini tekshirish, ARMlarga elektron katalog va boshqa ma’lumotlar bazasini o‘zlashtirish va ulardan foydalanishda konsultatsiya va metodik yordam ko‘rsatish (2-bosqich) ham kiradi.
Elektron resurslarni yaratishda ilg‘or bo‘lgan O‘zbekiston Milliy kutubxonasi yordamini jalb etish orqali Korporativ kataloglashtirish markazi ishi samaradorligini oshirishga erishiladi. O‘zbekiston Milliy kutubxonasining tarmoqdagi funktsiyalari quyidagilardan iborat:
— Korporativ kataloglashtirish markaziga jamlama elektron katalogni shakllantirishda metodik yordam ko‘rsatish,
— ARM fondiga mos keladigan KKMga elektron bibliografik yozuvlarni taqdim etish;
— elektron bibliografik yozuvlarni almashish va olish uchun Korporativ kataloglashtirish markazi bilan birga ish olib borish.
Tuman ARM ikkinchi pog‘onada ish olib borish uchun KKMdan elektron yozuvlarni oladi va ularni lokal elektron katalogga kiritadi. Shuningdek, lokal elektron katalogni shakllantirib, to‘ldirib boradi. ARMga kiritilayotgan yangi yozuvlarni kelishib olish va tahrir qildirish uchun KKMga jo‘natib turadi. Tumandagi maktab ARMlarini elektron yozuvlar va kataloglar bilan (elektron pochta orqali yoki magnit tashuvchilarida — fleshka, CD va boshqalar) muntazam ravishda ta’minlab turadi, konsultatsiyalar beradi, maktab ARMlariga elektron katalog va boshqa ma’lumotlar bazalarini o‘zlashtirishda (3-bosqich) metodik yordam ko‘rsatadi.
Uchinchi bosqichda ishlash uchun umumta’lim maktablari kutubxonalari bazasida barpo etilgan ARMlar harakatga keltiriladi. Ularning faoliyati ikkinchi bosqichdagi ARMlardan elektron yozuvlarni olishda, ARMning lokal elektron katalogini shakllantirish (to‘ldirish)da, axborot kutubxona xizmatlarini ko‘rsatishda namoyon bo‘ladi.
Tarmoqni ishga tushirish, elektron kataloglarni yaratishga ketadigan sarf-xarajatlarni ancha qisqartirish va jamlama kataloglarning tayyor yozuvlaridan foydalanib, nashrlarni kataloglashtirish mashaqqatini kamaytirish, milliy axborot resurslarini (elektron kataloglar, ma’lumotlar bazalari, elektron darsliklar bazalari va boshqalar) samarali shakllantirish va tezkor ommalashtirish, maktab ARMlarini kerakli axborot bilan ta’minlash, ularga o‘z lokal elektron kataloglarini shakllantirish uchun sharoit yaratish imkonini beradi.
Respublika ilmiy pedagogika kutubxonasi 2009 yilning yozida axborot-kommunikatsiya texnologiyalardan foydalanishga tayanadigan zamonaviy kutubxonachilik texnologiyalarini tajribadan o‘tkazishga qaratilgan pilot loyihasini amalga oshirdi. Hewlett-Packard (Xyulett-Pakkard) kompaniyasi hamda Yosh dasturchilarni tayyorlash va qo‘llab-quvvatlash markazi (YoDTQM) hamkorligida kutubxona kataloglari bilan markazlashtirilgan ishlarni amalga oshirish uchun da’vat etilgan dasturiy apparat kompleksi o‘z ishini boshladi. Shu maqsadda UZINFOCOM Markazining xosting maydonchasi markazida server o‘rnatilgan bo‘lib, u ZiyoNet tarmog‘i vositachiligida axborot-resurs markazlarining markazlashtirilgan kutubxona kataloglariga ishonchli va tezkor kirib borishni ta’minlaydi. YoDTQM mutaxassislari tomonidan ishlab chiqilgan «KaDaTa» dasturiy ta’minoti ARM mutaxassislariga markaziy ma’lumotlar bazasida allaqachon bor bo‘lgan nashrlarni lokal kataloglarga kiritish ovoragarchiligiga barham berdi.
Shunday qilib, ma’lumotlarning ishonchliligi va to‘g‘riligi ortadi, lokal kataloglarni shakllantirish ishi tezlashadi. Respublika ilmiy pedagogika kutubxonasi bazasida yana bir serverni o‘rnatish rejalashtirilmoqda. Uning asosiy mo‘ljali – zaxira katalogini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, tizimni funktsional testlashtirish.
Pilot loyihasi bosqichida tizimga Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 208- va Sirdaryo viloyat Yangier shahridagi 8-maktab qoshidagi ARMlar ulandi. Bundan buyon tizimni bosqichma-bosqich rivojlantirish, ya’ni unga 2010 yilga qadar kamida 2 viloyatni, 2011 yilgacha esa 1000 ta ARMni ulash ko‘zda tutilmoqda.
Yuqorida aytilganlarni hisobga olib, umumta’lim maktab kutubxonalari bazasida tashkil etilgan ARMning 1000 nafar kutubxonachi xodimi uchun ARM menejmenti asoslari, ARMda axborot texnologiyalari asoslari, ARMda elektron axborot resurslarini vujudga keltirish va ulardan foydalanish metodlari, menejment va ARM resurs­laridan samarali foydalanish asoslari bo‘yicha bosqichma-bosqich treninglar o‘tkazildi.

Raisa RATNYER,
RIPK ilmiy metodik bo‘limi mudiri