Xurramobod qishlog‘i Rishton tumanidagi eng chekka qishloqlardan biri.
Mustaqillik yillarida qiyofasi tubdan o‘zgargan bu qishloq markazida 29-umumiy o‘rta ta’lim maktabi joylashgan. Ikkita o‘quv binosi, 34ta sinfxona, sport zali, 90 o‘rinli oshxona, bog‘ va stadionga ega bo‘lgan o‘quv maskanida 447 nafar o‘quvchi ta’lim-tarbiya oladi. Maktabda ta’lim asosan tojik va o‘zbek tilida olib boriladi.
O‘quvchilarimizning o‘zbek tiliga bo‘lgan qiziqishi va muhabbati yuqori, — deydi maktab direktorining o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Nafisa Ergasheva.
Maktabda davlat tili darslarini ko‘p yillik tajribaga ega bo‘lgan pedagoglar — Maqsuda Shokirova hamda Shahodat Dadaboeva olib boradi.
«Shuhrat» medali sohibasi Maqsuda opa mana yigirma yildirki, bolalarga o‘zbek tilining boy merosi va jozibasini o‘rgatib keladi. U darslarga alohida tayyorgarlik ko‘rib, mashg‘ulotlarni ko‘rgazmalilik asosida, interfaol usullarda o‘tishga erishmoqda. Bu fidoyi muallima ko‘plab shogirdlar tayyorlagan bo‘lib, ularning ba’zilari shu maktabda o‘qituvchi sifatida o‘zi bilan bir safda mehnat qilmoqda.
Shogirdlarim bilan faxrlanaman, — deydi Maqsuda opa. — Ularning ko‘pi o‘zbek tili mutaxassisi bo‘lib ishlamoqdalar. Ko‘plab shogirdlarim o‘z bilimi bilan chet ellarda ta’lim olyaptilar.
Maktabda bo‘lib, ayni paytda ushbu ta’lim muassasasida Filologiya fanlari oyligi namunali tashkil etilayotganiga amin bo‘ldik. Ma’lum bo‘lishicha, oyning boshidanoq fan oyligini muvaffaqiyatli tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan. Unga ko‘ra, o‘quvchilar o‘rtasida davlat tilidan kirish test sinovlarini o‘tkazishga e’tibor qaratilgan. Hozirda esa olingan testlarning natijalariga ko‘ra o‘zlashtirilishida murakkablikka uchragan bilim, ko‘nikma va malakalar ustida ish olib borilayotgani e’tiborlidir. Bunda to‘garak va qo‘shimcha mashg‘ulotlarga muhim e’tibor qaratilmoqda.
Maktabimizda oylik davomida filologiya metodbirlashmasi tashabbusi bilan «O‘zbekiston — yagona Vatan!» mavzusida insholar, rasmlar ko‘rik-tanlovini o‘tkazmoqchimiz, — deydi maktab rahbari M.Shokirova, — bunda 90taga yaqin ko‘rgazmali qurollar, 300dan ziyod tarqatma materiallari vositasida ochiq dars, o‘tkaziladigan turli uchrashuv va muloqotlar muhim ahamiyat kasb etishi shubhasiz. Bu tadbirda ota-onalar, mahalla faollari, o‘qituvchilar, 300dan ziyod o‘quvchilarimiz faol ishtirok etadilar. Oylikni o‘quvchilar ijodiy ko‘rgazmasi va konferentsiya bilan yakunlaymiz.
O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganiga 20 yil to‘ldi. Ona tilimiz mamlakatimizda istiqomat qilayotgan barcha millat vakillari tomonidan sevib o‘rganilayotgani shubhasiz.
Men 6-«A» sinf o‘quvchisiman, — deydi Farida Mamajonova. — O‘zbek tilini juda sevib o‘rganyapman. Unda bemalol yozaman, o‘qiy olaman. O‘zbek xalqining buyuk shoirlari Alisher Navoiy, Bobur, Zulfiyaxonim, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov she’rlarini yoddan bilaman. Kelajakda o‘zbek tilini chuqur o‘rganib, o‘qituvchimiz izidan bormoqchiman.
Shu o‘rinda yana bir faktni ta’kidlab o‘tish o‘rinlidir: maktab o‘quvchilari har yili davlat tili fanidan fan olimpidalarining tuman va viloyat bosqichida muvaffaqiyatli qatnashib faxrli o‘rinlarni egallaydilar. 2007—2008 o‘quv yilida Yoqutxon Ergasheva, Jahongir Qodirovlar viloyat bosqichida faxrli 3 va 2-o‘rin sohibi bo‘lishdi. 2008—2009 o‘quv yilida 9-«A» sinf o‘quvchisi Nazira Hasanova viloyatda 3-o‘rinni olishga erishdi. Madina Tursunalieva esa 2-o‘rin sohibasiga aylandi va 2-darajali diplom bilan taqdirlandi.
Mazkur o‘quv dargohida davlat tilining o‘qitilishiga alohida e’tibor qaratilgan. Bu o‘quvchilarning muvaffaqiyatlarida tobora o‘z bo‘y-bastini namoyon etib bormoqda.

Bahodirjon Shokirov,
«Ma’rifat» muxbiri